Sunday, May 24, 2015

Rangsiz she`r

I
Bor edi shunday odatim:
Qayda suluv qiz uchratdim,
Ismlarin so`rab barin,
Qizga o`ch telba singari
Tuzar edim ro`yxatini.
"Topsam qulay fursatini
Birortasin surishtirib
Olaman, - deb, - xotin qilib".

Endi yurak jiz etmaydi,
Hayajonni his etmaydi,
Go`zallarni ko`rganimda.
Bittasiga o`rgandim-da..
O`zgardimmi? O`zgardimi!
O`zgarganim sezib qo`ydim.
Olib o`sha dil xatini - 
Suluvlarning ro`yxatini,
Ismlarning barchasiga
Qalam bilan chizib qo`ydim.

II
So`ng maqsadlar kurtakladi,
"Buyuklik"ka yetakladi.
Xayol qildim: Tirishaman,
Barchasiga erishaman!
Lekin yolg`iz qiyin ekan,
Kurash - g`irrom o`yin ekan,
Silkitishdi, tortqilashdi,
O`say desam chopqilashdi.

Bildim - yordam, himmat kerak,
Bir yelkadosh ulfat kerak.
Do`stim, dedim, do`stim dedim,
Eplolmayman o`zim, dedim.
"Qo`lingni cho`z imkon bo`lsa!"
Eshitmadi biror kimsa.
Ulfatimdan, do`stlarimdan
Umidimni uzib qo`ydim.
So`ng to`satdan qoqildim-da,
Shunday yomon yiqildam-da -
Maqsadlarim sinib ketdi,
Barchasini buzib qo`ydim.

III
Maqsadsiz tan daydi ekan,
Umrning zo`r hayfi ekan.
Loy ko`chada, chang ko`chada,
Tor ko`chada, tang ko`chada
Kezaverdim, sudraklandim,
Sang`iyverdim har kechada.
Emakladim, ermaklandim,
Kaltakladim, kaltaklandim.
Zo`r dars bo`ldi har bir zarba
Yigitlikdan erkaklandim.
Ko`chalarda daydib-daydib,
Tushunishning kelib payti
O`zligimga intildim-da,
Turib oldim yana qaytib.

Do`stim, endi chalma faqat,
Birlashishga kelgan fursat.
Hasadingni yig`ishtir, bas,
Yurtdoshmiz-ku, dushman emas!
O`z sirimni senga aytay,
Eshitib, so`ng kulma atay:
Yetuklikka yetaklovchi 
Maqsadlarni tuzib qo`ydim.
Kel, yo`limda hamrohim bo`l,
Kuchli bo`lsang panohim bo`l!
Yelkadoshlar qatoriga
Men seni ham yozib qo`ydim.

24.05.2015

Friday, May 22, 2015

Da`vo

Singlim, endi o`lmasam kerak,
Ular menga shunday deyishdi.
Avval yuragimni yeyishdi
(Men-chi og`riq bilmasam kerak) -

Qonlar chiqdi ko`ksimdan oz-oz,
Qog`oz bilan qalbimni to`sdim.
"Endi aslo o`lmaysan, do`stim!"
Deyishdi so`ng.

                      Men-chi e`tiroz
Bildirmadim. Bildirolmadim.
Qonlar oqdi, qonga qo`shilib
Tuyg`u, hislar oqdi, ko`pirib
Oqaverdi. Ko`ndirolmadim

Oqmaslikka. Lavhlarni faqat
Bosaverdim ko`ksimga qattiq.
Jismim og`riq sezmadi, aniq,
Lekin onggim so`radi shafqat -

Og`ridi u, azoblandi u.
- To`xtat, - dedi, - tuyg`ularingni!
Yo bo`g`zingga tort xanjaringni
Va birga o`l! - g`azablandi u.

O`lolmadim, o`lmadim, hecham,
Qon aralash hislar to`kilgan
Qog`ozlarga (g`ijim, bukilgan)
To`lib ketdi tonggacha xonam.

Tongda keldi ular qaytadan,
Qog`ozlarni ko`rdi birma-bir.
Biri dedi qilganday shivir:
"Do`stim, senga bir sir aytaman - 
Endi sening umring boqiydir!
Men-chi sherigim-la qaytaman".

Hislar, qonlar, ishqlar to`kilgan,
G`ijimlangan, qattiq bukilgan
Qog`ozlarni oldim-da barin
Qimmatbaho buyum singari
Saqlab qo`ydim.

                        Boshim egilgan
Faqat onggim oldida bu kun,
Sodiqlikda bo`lolmay qat`iy
Hislarimni qalbda abadiy
Saqlab qola olmaganim chun.

Singlim, yuragimni yeyishdi
(Men-chi og`riq bilmasam kerak),
Endi aslo o`lmasam kerak!
Ular menga shunday deyishdi..

Kyoto, 22.05.2015.

***
Даъво

Синглим, энди ўлмасам керак,
Улар менга шундай дейишди.
Аввал юрагимни ейишди
(Мен-чи оғриқ билмасам керак) -

Қонлар чиқди кўксимдан оз-оз,
Қоғоз билан қалбимни тўсдим.
"Енди асло ўлмайсан, дўстим!"
Дейишди сўнг.

                          Мен-чи эътироз
Билдирмадим. Билдиролмадим.
Қонлар оқди, қонга қўшилиб
Туйғу, ҳислар оқди, кўпириб
Оқаверди. Кўндиролмадим

Оқмасликка. Лавҳларни фақат
Босавердим кўксимга қаттиқ.
Жисмим оғриқ сезмади, аниқ,
Лекин онггим сўради шафқат -

Оғриди у, азобланди у.
- Тўxтат, - деди, - туйғуларингни!
Ё бўғзингга торт xанжарингни
Ва бирга ўл! - ғазабланди у.

Ўлолмадим, ўлмадим, ҳечам,
Қон аралаш ҳислар тўкилган
Қоғозларга (ғижим, букилган)
Тўлиб кетди тонггача xонам.

Тонгда келди улар қайтадан,
Қоғозларни ко`рди бирма-бир.
Бири деди қилгандай шивир:
"Дўстим, сенга бир сир айтаман - 
Энди сенинг умринг боқийдир!
Мен-чи шеригим-ла қайтаман".

Ҳислар, қонлар, ишқлар тўкилган,
Ғижимланган, қаттиқ букилган
Қоғозларни олдим-да барин
Қимматбаҳо буюм сингари
Сақлаб қўйдим.

                            Бошим эгилган
Фақат онггим олдида бу кун,
Содиқликда бўлолмай қатъий
Ҳисларимни қалбда абадий
Сақлаб қола олмаганим чун.

Синглим, юрагимни ейишди
(Мен-чи оғриқ билмасам керак),
Энди асло ўлмасам керак!
Улар менга шундай дейишди..

Кёто, 22.05.2015.