Saturday, August 6, 2016

***

Ey,
Mening nigohimga dosh berolmas qiz,
Ko’zlarin yashirgan, yuzi qizargan.
Sening hayajoning emasdir bejiz,
Mening ko’ksimda ham nedir ko’kargan.

Ey,
Kunduz so’zlarimni tinglamay, qochib,
Tunda she’rlarim yod olguvchi jonon.
Sevgim izhor aylay ko'nglimni ochib,
Lahzalik suhbat chun hadya et imkon.

Ey,
Ro’baru kelganda banddek, shoshgandek,
Ko’rmagandek o’zni tutguvchi dilbar.
Yashirma! Sezilar - nashtar botgandek
Sening dilingni ham tuyg’ular o’rtar.

Ey,
Ishq haqda o’yni ham nomus deb bilgan,
Hayosi xayoldan ustunroq sanam.
Rahm et qalbingga - sevgi in qurgan,
Axir, muhabbatga oshnosan sen ham...

...Ey,
Mendan-da qo’rqoqroq, mendan-da ojiz,
Hislarin oshkora etolmas xilqat.
Axir hayajoning emasdir bejiz,
Ishqimni rad etma, iltifot ko’rsat.

Ishqingni rad etma, iltifot ko’rsat.