Monday, April 27, 2015

***

Qo'limni tekkazdim - to'kildi yaproq,
Yig'ladi beozor bahor: "Ketaman!".
Qolgin, deb o'tinmoq bo'ldim-u, biroq
O'zni xo'rlab, uni aldab netaman..
Garchi o'zimning ham tan olgim kelmas,
Lek kuzni sevaman, bahorni emas.

She'rimni o'qidi - jilmaydi onam,

"Kim ekan u dildor?", - so'ng kuldi aniq.
"Bechora bolam-a, devona bolam.."
Bu hazil qalbimda uyg'otdi sanchiq.
Eh, onam bilmaydi, eh, onam bilmas:
Men she'rni sevaman, dildorni emas..

Adirda ingradim nayga qo'shilib,

Atrofda yangradi baxtning dutori.
"Men-la yur!", - baxt keldi sekin suzilib,
Lek menda u emas, g'amning xumori -
Balki kimlar kular, ehtimol kulmas.
Men nayni sevaman, dutorni emas.

Boshimga tosh bo'lib to'kildi yomg'ir,
G'am xumor qilmoqda deganim chunmi?!
Yig'ladim..ne uchun kulayin, axir,
Tosh yutib yashnagan maysa uchunmi?
Yo Rab! Sinovingga bardoshim yetmas,
Men g'amni sevaman, ozorni emas..

Arxivdan.

***
Қўлимни текказдим - тўкилди япроқ,
Йиғлади беозор баҳор: "Кетаман!".
Қолгин, деб ўтинмоқ бўлдим-у, бироқ
Ўзни xўрлаб, уни алдаб нетаман..
Гарчи ўзимнинг ҳам тан олгим келмас,
Лек кузни севаман, баҳорни эмас.

Шеъримни ўқиди - жилмайди онам,
"Ким экан у дилдор?", - сўнг кулди аниқ.
"Бечора болам-а, девона болам.."
Бу ҳазил қалбимда уйғотди санчиқ.
Эҳ, онам билмайди, эҳ, онам билмас:
Мен шеърни севаман, дилдорни эмас..

Адирда инградим найга қўшилиб,
Атрофда янгради баxтнинг дутори.
"Мен-ла юр!", - баxт келди секин сузилиб,
Лек менда у эмас, ғамнинг xумори -
Балки кимлар кулар, эҳтимол кулмас.
Мен найни севаман, дуторни эмас.

Бошимга тош бўлиб тўкилди ёмғир,
Ғам xумор қилмоқда деганим чунми?!
Йиғладим..не учун кулайин, аxир,
Тош ютиб яшнаган майса учунми?
Ё Раб! Синовингга бардошим етмас,
Мен ғамни севаман, озорни эмас..

Арxивдан.

Saturday, April 25, 2015

Istisno

Ona, sakuralar gullabdi bugun,
Sakura degani bizdagi gilos.
Guli xuddi o'zi, tani ham mahzun,
Faqat mevasini yeb bo'lmas, xolos.

Ona, sog'-omonman, baquvvat jismim,
Do'stlarim "Bekasal", - deya kuladi.
Faqat chap ko'ksimning quyiroq qismi
Gohida ozgina sanchib turadi.


Ona, yapon qizlar shunday maftunkor,
Tabiat ziloldek tiniq yuz bergan.
Faqat kichkina bir kamchiligi bor:
Bizning qizlar o'rnin bosolmas ekan.

Ona, bu millatning hurmati cheksiz,
Kelganlar minnatdor bo'lmay ketmaydi.

Faqat ular bilan suhbatlashsangiz
Mehrga o'xshagan nedir yetmaydi.

Ona, men moslashdim, uyqim bexalal,
Hatto tush ko'ryapman, ishonasizmi!
Faqat xorijlarni ko'rardim avval,
Endi ko'rayapman qishlog'imizni..

Ona, sakuralar gullagan ekan,
Sakura degani bizdagi gilos.
Faqat mevasini yeb bo'lmas ekan,

Guliga tikilsa bo'larkan, xolos.

Guliga termulsa bo'larkan, xolos..



Yaponiya, Kyoto, 2015-yil mart oyining oxirlari.

***
Истисно

Она, сакуралар гуллабди бугун,
Сакура дегани биздаги гилос.
Гули xудди ўзи, тани ҳам маҳзун,
Фақат мевасини еб бўлмас, xолос.

Она, соғ-омонман, бақувват жисмим,
Дўстларим "Бекасал", - дея кулади.
Фақат чап кўксимнинг қуйироқ қисми
Гоҳида озгина санчиб туради.

Она, япон қизлар шундай мафтункор,
Табиат зилолдек тиниқ юз берган.
Фақат кичкина бир камчилиги бор:
Бизнинг қизлар ўрнин босолмас экан.

Она, бу миллатнинг ҳурмати чексиз,
Келганлар миннатдор бўлмай кетмайди.
Фақат улар билан суҳбатлашсангиз
Меҳрга ўxшаган недир етмайди.

Она, мен мослашдим, уйқим беxалал,
Ҳатто туш кўряпман, ишонасизми!
Фақат xорижларни кўрардим аввал,
Энди кўраяпман қишлоғимизни..

Она, сакуралар гуллаган экан,
Сакура дегани биздаги гилос.
Фақат мевасини еб бўлмас экан,
Гулига тикилса бўларкан, xолос.

Гулига термулса бўларкан, xолос..


Япония, Кёто, 2015-йил март ойининг оxирлари.

Friday, April 3, 2015

Sevmasa sevmasin

Ishq aql intihosimi,
Qizlar dunyo g`avg`osimi,
Yo gunohlar jazosimi?
Sevmasa sevmasin go`zal..

Dardkash yolg`iz osmonmi u,
Hech amalsiz imonmi u,
Ishqsiz inson insonmi u?
Sevmasa sevmasin go`zal.

Bildim: oshiq tutqun ekan,
Oliy hiyla husn ekan,
Usiz yashash mumkin ekan!
Sevmasa sevmasin go`zal.

Muhabatim ustoz bo`ldi,
Achinmayman, xo`p soz bo`ldi,
Ayriliq zo`r parvoz bo`ldi,
Sevmasa sevmasin go`zal!

2013

Dalda

Meni kutar noma`lum hayot,
Barchasi sir, qiziqdir demak!
Bir kun topib qandaydir najot
Tuyg`ularga bo`lmayman ermak.

Faqat o`sha paytgacha (hayhot!)
Ozroq vaqt va zo`r bardosh kerak.

2013

Qo`msash

Sog`inaman gohi-gohida
Xayolimga sig`maganlarni:
Beo`y edim bola chog`imda 
Yoqtirmasdim yig`laganlarni.
Eng ko`p yig`lar edilar qizlar..

Yig`loqlarni suymasdim hecham!
Xayolimga sig`masdi: bir kun
Bir yig`loqi nafosat uchun
Umrim yarmin men isrof etsam!

Eng ko`p yig`lar edilar qizlar,
Yoqtirmasdim yig`laganlarni -
Beo`y edim bola chog`imda.
Xayolimga sig`maganlarni
Sog`inaman gohi-gohida..

2013

***
Қўмсаш

Соғинаман гоҳи-гоҳида
Xаёлимга сиғмаганларни:
Беўй эдим бола чоғимда 
Ёқтирмасдим йиғлаганларни.
Энг кўп йиғлар эдилар қизлар..

Йиғлоқларни суймасдим ҳечам!
Xаёлимга сиғмасди: бир кун
Бир йиғлоқи нафосат учун
Умрим ярмин мен исроф этсам!

Энг кўп йиғлар эдилар қизлар,
Ёқтирмасдим йиғлаганларни -
Беўй эдим бола чоғимда.
Xаёлимга сиғмаганларни
Соғинаман гоҳи-гоҳида..

2013

Ato

Bir sog` odam qolmagan go`yo,
Og`u ekan ishqning atosi.
Majnunlarga to`lgan bu dunyo,
Tuyg`ularning majruh xatosi - 
Havasni sevgi deb o`ylagan.

Hech sog` odam qolmagan go`yo,
Zahar ekan ishqning atosi,
Qurbonlarga to`lgan bu dunyo.
Xiyonatning jirkanch xatosi - 
Boylikni baxtim deb o`ylagan.

Shoirlarga to`lgan bu dunyo,
Ha! She`r ekan ishqning atosi.
She`r bitganlar barchasi go`yo
(Shoirlarning asriy xatosi) - 
Dildan sevaman deb o`ylagan..

2012

***
Ато

Бир соғ одам қолмаган гўё,
Оғу экан ишқнинг атоси.
Мажнунларга тўлган бу дунё,
Туйғуларнинг мажруҳ xатоси - 
Ҳавасни севги деб ўйлаган.

Ҳеч соғ одам қолмаган гўё,
Заҳар экан ишқнинг атоси,
Қурбонларга тўлган бу дунё.
Xиёнатнинг жирканч xатоси - 
Бойликни баxтим деб ўйлаган.

Шоирларга тўлган бу дунё,
Ҳа! Шеър экан ишқнинг атоси.
Шеър битганлар барчаси гўё
(Шоирларнинг асрий xатоси) - 
Дилдан севаман деб ўйлаган..

2012

Tush ta`siri

Uzoqdan bir ovoz keladi,
Quloqqa chalinar sadolar.
Qalbiga hokimlar kuladi,
Ingraydi ishqiga gadolar.

Tushimda bir ayol yig`ladi,
Tun bo`yi yig`ladi tinimsiz.
Kim ekan ma`suma, bilmadim.
Kimsiz siz, ey ayol, siz kimsiz?

Taqdirmi bu yo`lga boshlagan,
Qismatim yurakni qildi qon.
Sevgilim, senmiding yig`lagan,
Ko`zlarini ma`yus va mehribon.

Begona yerlarda kezaman,
O`zimdan uyimga yo`q xabar.
Yozaman, yoqaman, yozaman,
Maktublar tutaydi besamar.

Taqdirmi bu yo`lga boshlagan,
Qismatim yurakni qildi qon.
Onammi so`g`inib yig`lagan,
Ko`zlari ma`yus va mehribon.

Sizmisiz sog`inib yig`lagan, 
Yig`lagan sizmisiz, onajon?

2013

Charchash

Murdaga aylanib bormoqda ichim,
Ammo or qilaman shafqat so`rashga.
Sevgimni asrashga yetmagan kuchim
Yetarmikan hayot uchun kurashga..

2012

Berkinish

Mening kimligimni so`rama mendan,
Aytmayman, qistasang alday boshlayman.
Telba deyishlari ehtimol shundan - 
O`zligim yolg`onga ko`mib tashlayman.

Qo`rsligim sababin so`rama mendan,
Aytmayman, qistasang jerka boshlayman.
Telba deyishlari ehtimol shundan - 
Besabab qalbingni tilib tashlayman.

Sevganmisiz? - deya so`rama mendan,
Aytmayman, qistasang yig`lay boshlayman.
Telba deyishlari ehtimol shundan - 
Kimni sevishimni bilmay yashayman..

2013

***

Беркиниш

Менинг кимлигимни сўрама мендан,
Айтмайман, қистасанг алдай бошлайман.
Телба дейишлари эҳтимол шундан - 
Ўзлигим ёлғонга кўмиб ташлайман.

Қўрслигим сабабин сўрама мендан,
Айтмайман, қистасанг жерка бошлайман.
Телба дейишлари эҳтимол шундан - 
Бесабаб қалбингни тилиб ташлайман.

Севганмисиз? - дея сўрама мендан,
Айтмайман, қистасанг йиғлай бошлайман.
Телба дейишлари эҳтимол шундан - 
Кимни севишимни билмай яшайман..

2013

Dardkash ishtiyoqi

Qara ahvolimga, ko`rdingmi bu on
Qop-qora surating quchib yotaman.
Bilaman - dardimga tushunmas inson,
Lek o`zga dardkashni qaydan topaman?

Hamma yoq insonlar, to`la nigohlar,
Menga farishtalar kerakdir, abas.
Dardimni tushunmas chala gunohlar,
Menga dardkash kerak - begunoh, besas..

2013

Sevish uchun tug`ulmagandim

Sevish uchun tug`ulmagandim,
Yig`lamasdan, yummay ko`zimni.
Hali buncha bo`g`ilmagandim,
Chorasiz sezmagandim o`zimni.

Sevish uchun tug`ulmagandim,
Ibrat bo`lmoq istardim balki.
Yo`q, gunohga ko`milmagandim
Qilsam kichik xatolar hamki

Sevish uchun tug`ulmagandim,
Yiroq edim hislardan chunon.
Faqat labing bolidan jonon
G`o`rlik qilib o`g`irlagandim.

O`g`irligim xor qildi, ey voh!
Hali buncha bo`g`ilmagandim. 
Qutqar, qutqar! Axir, yo Olloh
Sevish uchun tug`ulmagandim..

2013

***
Севиш учун туғулмагандим

Севиш учун туғулмагандим,
Йиғламасдан, юммай кўзимни.
Ҳали бунча бўғилмагандим,
Чорасиз сезмагандим ўзимни.

Севиш учун туғулмагандим,
Ибрат бўлмоқ истардим балки.
Йўқ, гуноҳга кўмилмагандим
Қилсам кичик xатолар ҳамки

Севиш учун туғулмагандим,
Йироқ эдим ҳислардан чунон.
Фақат лабинг болидан жонон
Ғўрлик қилиб ўғирлагандим.

Ўғирлигим xор қилди, эй воҳ!
Ҳали бунча бўғилмагандим. 
Қутқар, қутқар! Аxир, ё Оллоҳ
Севиш учун туг`улмагандим..

2013

Xohish

Qo`shiq aytib ber menga,
Ovozingni eshitay.
Singib ketib so`zingga
O`zligimni unutay.

Zolimlarmi - doim bor,
Ular hecham ketmaydi.
Aslo berma e`tibor,
Men-la yur! Vaqt kutmaydi.

Dunyoda ne bor ekan 
Barini unut erkam!
Men sening maqsudingman*,
Sen mening baxt-madinam**.

*Maqsud - arabcha "maqsad".
**Madina - arabcha "shahar".

2012

Izlash

So`zlar qidiraman tunlar qo`ynidan,
Yulduzlar tomosha aylaydilar jim.
So`ng quyosh g`ip bug`ar tunning bo`ynidan,
U sekin jon berar, sezmaydi hech kim.

Yuzlar qudiraman. Toshqin singari 
Yanoqlar oqadi uyum va uyum.
Lab bo`yoq, atirlar, upalar bari -
Zo`r oro berilgan sovuq bir buyum.

Ko`zlar qidiraman, diydalaring, oh,
Ko`ksimga yurakdek sanchilib qolgan.
Topsaydim o`shandek munis bir nigoh,
Yo`q..qizlar barchasi ko`r bo`lib qolgan!

Izlar qidiraman avvalgi "men"dan
Nigohi chaqnagan, so`zlari o`tkir.
Qay yerdan topayin, so`rayin kimdan?
Yo Rab,
O`zimni o`zimga qaytar,qaytib ber! 

2014

Hikmat

Muallif ruxsatisiz blogpostlardan nusxa ko`chirish hamda saytlar, ijtimoiy tarmoqlar va boshqa yerlarda chop etish, yozib qoldirish ta`qiqlanadi. 

Dunyoda eng shirin bu visol derlar,
Sevgidan ayrilgan xo`p abgor derlar.
So`radim - yetmadim..balki yaxshidir,
Axir har narsada hikmat bor derlar.

2012

Telba

Muzbag`ir, tikanbag`ir.
Aldanish buncha og`ir,
Qanday aldandim, axir,
To`nkaga o`xshamayman?

O`yladim: sevsam kerak,
Ayrilsam o`lsam kerak.
Ayrildim, ammo beshak
Murdaga o`xshamayman.

Yo`q, men emasman abgor,
Maqsadim, burchlarim bor.
O`ylab qarasam zinhor
Telbaga o`xshamayman.

2013

O`zni oqlash

Dardlarim zarblardan yorilib ketdi -
Oppoq tun poyiga to`kildi bir-bir.
So`ng qizil tong bilan qorilib ketdi,
Shabnamlar ko`rdilar, shabnamlar dilgir.

Men hamon o`shaman, jiddiy nigohim,
Hislarim isyonkor, yuzim xotirjam.
Hanuz yuvilmagan hech bir gunohim,
She`rim o`qimagan hech kim hali ham.

Bilasan - kun uxlab yozardim tunda,
Hozir ham o`shandek kunlarim tundir.
Mana, mana shabnam, shabnamdan so`ra!
Shabnamlar biladi, shabnamlar dilgir..

Sen nega o`zgarding? Sodda eding-ku,
Beg`ubor eding-ku, uyatchan, hurkak.
O`zim ko`zim bilan ko`rgan edim-ku
Termulsam qizargan yuzingni, beshak!

Nechun endi boqsam yanog`ing berang, 
Nechun uyatlardan qochmaydi ko`zing.
Shunday beparvosan, a men beohang
Ko`rsam chaqirmayman, ko`rmaysan o`zing.

Buril, qara! Hech bo`lmasa tikil ortimdan,
Qizar, behis! Buncha qalbing tosh qotgan.
Uyal, axir men sening o`sha aybingman -
Sen bilan panada o`pishib yotgan!

Qanday beg`ubor qiz yo`qotding, olam,
Endi soddalikning bir ko`zi so`qir.
Hech kim achinmadi, hattoki..men ham..
Shabnamlar achindi, shabnamlar dilgir.

Qip-qizil tong bilan qorishib yotgan
Yoshlar menikimas. Tunda yozdim she`r.
Yig`lamadim tunda, yo`q, yig`layotgan - 
Shabnamlar, yig`ladi shabnamlar dilgir..

2012.

Ўзни оқлаш

Дардларим зарблардан ёрилиб кетди -
Оппоқ тун пойига тўкилди бир-бир.
Сўнг қизил тонг билан қорилиб кетди,
Шабнамлар кўрдилар, шабнамлар дилгир.

Мен ҳамон ўшаман, жиддий нигоҳим,
Ҳисларим исёнкор, юзим хотиржам.
Ҳануз ювилмаган ҳеч бир гуноҳим,
Шеърим ўқимаган ҳеч ким ҳали ҳам.

Биласан - кун ухлаб ёзардим тунда,
Ҳозир ҳам ўшандек кунларим тундир.
Мана, мана шабнам, шабнамдан сўра!
Шабнамлар билади, шабнамлар дилгир..

Сен нега ўзгардинг? Содда эдинг-ку,
Беғубор эдинг-ку, уятчан, ҳуркак.
Ўзим кўзим билан кўрган эдим-ку
Термулсам қизарган юзингни, бешак!

Нечун энди боқсам яноғинг беранг, 
Нечун уятлардан қочмайди кўзинг.
Шундай бепарвосан, а мен беоҳанг
Кўрсам чақирмайман, кўрмайсан ўзинг.

Бурил, қара! Ҳеч бўлмаса тикил ортимдан,
Қизар, беҳис! Бунча қалбинг тош қотган.
Уял, ахир мен сенинг ўша айбингман -
Сен билан панада ўпишиб ётган!

Қандай беғубор қиз йўқотдинг, олам,
Энди соддаликнинг бир кўзи сўқир.
Ҳеч ким ачинмади, ҳаттоки..мен ҳам..
Шабнамлар ачинди, шабнамлар дилгир.

Қип-қизил тонг билан қоришиб ётган
Ёшлар меникимас. Тунда ёздим шеър.
Йиғламадим тунда, йўқ, йиғлаётган - 

Шабнамлар, йиғлади шабнамлар дилгир...

2012

Alam

Yozsam tugamasa so`zlarim butkul,
Sarg`aysa yaproqlar, to`kmasa kuzlar.
Uzsam takror unib chiqaversa gul,
Sug`ursam - daf bo`lsa ko`ksimdan hislar!

Sevmasa olmasa tutishganda gul,
Ko`ngil xushlash uchun suzmasa ko`zlar.
Sevmasa umidlar bermasa, butkul,
Sevmasa sevdim deb aytmasa qizlar.

Adashgan bo`lsaydim men ham sen kabi - 
Tushunsam: ishq emas, bo`lsaydi havas.
O`tsang, titramasa dirdirab labim, 
O`tsam, ezilmasam alamdan besas.

Kulsam, suhbat qursam - do`stim, qardoshim,
Yashasam berkinmay ko`zdan kunlari.
Og`riqlardan qizib ketmasa boshim,
Uxlasam, tinchgina yotsam tunlari.

Yotsam, yotaversam, yotsam o`likday,
Tursam atrof bo`lsa bir gala bejon.
Tirik tan izlasam qays bo`lgulikday,
Topsam - qolgan bo`lsang faqat sen omon.

Borsam, tilim yutsam, beun tikilsam,
Izillab yig`lasang sen ham besado.
Sekin yelkamga bosh qo`ysang, yiqilsam,
O`lsam, yo`lgiz qolsang - sen va bo`sh dunyo.

O`lsam..sevgim o`lsa u ham bo`lib tan,
Uchsam so`ng ruh bo`lib, tepangda tursam.
Baqirib yig`lasang, yig`lasang chindan,
Ruhimgacha singib ketgan bu alam
Balki so`narmidi o`shanda birdan - 
O`zimning holimda seni bir ko`rsam..

2012.

***
Алам

Ёзсам тугамаса сўзларим буткул,
Сарғайса япроқлар, тўкмаса кузлар.
Узсам такрор униб чиқаверса гул,
Суғурсам - даф бўлса кўксимдан ҳислар!

Севмаса олмаса тутишганда гул,
Кўнгил хушлаш учун сузмаса кўзлар.
Севмаса умидлар бермаса, буткул,
Севмаса севдим деб айтмаса қизлар.

Адашган бўлсайдим мен ҳам сен каби - 
Тушунсам: ишқ эмас, бўлсайди ҳавас.
Ўтсанг, титрамаса дирдираб лабим, 
Ўтсам, эзилмасам аламдан бесас.

Кулсам, суҳбат қурсам - дўстим, қардошим,
Яшасам беркинмай кўздан кунлари.
Оғриқлардан қизиб кетмаса бошим,
Ухласам, тинчгина ётсам тунлари.

Ётсам, ётаверсам, ётсам ўликдай,
Турсам атроф бўлса бир гала бежон.
Тирик тан изласам қайс бўлгуликдай,
Топсам - қолган бўлсанг фақат сен омон.

Борсам, тилим ютсам, беун тикилсам,
Изиллаб йиғласанг сен ҳам бесадо.
Секин елкамга бош қўйсанг, йиқилсам,
Ўлсам, ё`лгиз қолсанг - сен ва бўш дунё.

Ўлсам..севгим ўлса у ҳам бўлиб тан,
Учсам сўнг руҳ бўлиб, тепангда турсам.
Бақириб йиғласанг, йиғласанг чиндан,
Руҳимгача сингиб кетган бу алам
Балки сўнармиди ўшанда бирдан - 
Ўзимнинг ҳолимда сени бир кўрсам..

2012