Thursday, April 2, 2015

Daydi

Toshkent - boshkent, oxiri yo`q uzun ko`cha,
Bahor. Anhor - yo`l chetida. Yarim kecha.
Kezsam qancha bostirmoq chun yana shuncha
Tuyg`ularning isyonlari zo`rlanadi.

Bu osmonning yulduzlari begonami,
Tanimayman - kunduzlari begonami?
"Bu yerlarda yo o`zlari begonami?",
Meni ko`rgach bor xilqatlar sirlanadi.

Teng-tenggini topolmasdan adashganlar,
So`ng bir-birin qalblaridan haydashganlar.
Muhabbatni burchlariga almashganlar - 
Nigohlari to`qnashganda orlanadi.

Navro`z o`tdi, hur yoz o`tdi, so`ng kuz yana,
Tug`ulgan kun, yangi yil ham o`tdi mana.
Yuzi ajin, ko`zi xira, ojiz ona:
"Bu bayramda kelgin bolam", - zorlanadi.

Ey, bag`ritosh, sen bunchalar besamarsan!
Beo`y, daydi, telbanamo darbadarsan.
Axir onang quvonchiga Iskandarsan.
Ona mehri nechun buncha xo`rlanadi..

Ohman, ich-ichingga singib ketgan ohman,
Tunlar izg`ib she`r bitguvchi bir arvohman.
Orlanuvchi nigohingga zo`r mushtoqman..
"Sog`inmadim!" - g`ururlarim o`rlanadi.

Tuyg`ularning tug`yonlari zo`rlanadi,
"Kelgin", - ona bir yon giryon zorlanadi.
Bir yon ishqni burchlariga almashganlar
Ketolmaydi, ko`ngil ortga chorlanadi..

2012

No comments:

Post a Comment