Friday, April 3, 2015

Savol

Muallif ruxsatisiz blogpostlardan nusxa ko`chirish hamda saytlar, ijtimoiy tarmoqlar va boshqa yerlarda chop etish, yozib qoldirish ta`qiqlanadi. 

Tumanlar tig` bo`lib tilganda yuzni,
Ilhomlar tan olmay qo`yganda bizni.
She`r yozmoqlik uchun topmay bir so`zni,
Falakka boqaman hayron, turnalar,
Yerdan yaxshiroqmi osmon, turnalar?

Shamollar zerikdi, quyosh ham botdi,
Tomchilar o`zini tuproqqa otdi.
Mayin yog`gan yomg`ir hisni uyg`otti,
Nega ufqning rangi alvon, turnalar,
Yo u ham mendek bag`ri qon, turnalar?

Qaboxat tantana kuyin chalganda,
Majnun sahro kezib holdan tolganda.
Aql ishq oldida ojiz qolganda,
Nega siz dilshodsiz hamon, turnalar?
Yerdan yaxshiroqmi osmon, turnalar?

Yonimga qo`ninglar, bermayman ozor,
Dardlarimni aytib qilmayman bezor.
Faqat so`raydigan bir savolim bor - 
Menga o`sha savol armon, turnalar:
Yerdan yaxshiroqmi osmon, turnalar..?

2011

No comments:

Post a Comment