Friday, April 3, 2015

Ketish

Muallif ruxsatisiz blogpostlardan nusxa ko`chirish hamda saytlar, ijtimoiy tarmoqlar va boshqa yerlarda chop etish, yozib qoldirish ta`qiqlanadi. 

Kun kelib muhabbat bo`lsa gar xayol,
Qachondir tog` kabi dong qotsa shamol.
Shoirlar dunyoga kelganda malol
O`shanda yoningga qaytaman yana,
Eng go`zal so`zlarim aytaman yana.

Dunyoning yuzi gul, qo`llari tikan,
Tangrimning yuborgan yo`llari tikan.
Ne qilay, qismat shu, taqdir shu ekan..
Lekin men baribir qaytaman yana,
Eng go`zal so`zlrim aytaman yana.

Afsus, jismim xasta, hislarim xasta,
Sekin mo`ralayman, boqasan asta.
Endi ruhim ko`kda, yuragim pastda,
Qalbimni olmoq chun qaytaman yana,
Eng go`zal so`zlarim aytaman yana.

Ortimdan bir juft ko`z boqib qolar jim,
Balki u onamdir, ehtimol singlim?
O`sha kim, sen kimsan, mening o`zim kim - 
Bilmoqlik uchun ham qaytaman yana,
Eng go`zal so`zlarim aytaman yana.

Meni  kut, kutishdan aslo tolmagin,
Endi yo`q desalar quloq solmagin.
Faqat.. sen ortimdan yetib olmagin.
Albatta yoningga qaytaman yana,
Eng go`zal so`zlarim aytman yana!

2012

No comments:

Post a Comment